Joriy yilning 13–24 may kunlari Fransiyaning Kann shahrida bo‘lib o‘tayotgan 78-Kann xalqaro kinofestivali (Festival de Cannes)da O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Bu dunyoning eng nufuzli va eng qadimiy kino tadbirlaridan biri bo‘lib, u ilk bor 1946-yilda tashkil etilgan. Festival nafaqat badiiy filmlar taqdimoti, balki xalqaro kino sanoatidagi eng yirik bozorlardan biri bo‘lgan Marché du Film bilan ham mashhur.
O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu nufuzli kinofestivalda bu yil ham faol ishtirok etmoqda. Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov hamda Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi direktori o‘rinbosari Oybek Sodiqov kinofestival va Marché du Film doirasida bir qator uchrashuvlar va tadbirlarda qatnashmoqda. Ular xorijiy kino tashkilotlari, prodyuserlar va distributorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston kinosining xalqaro miqyosdagi imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida muzokaralar olib bormoqda.