“Renessans” kino uyida taniqli yozuvchi Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Osmoni falaklarda” nomli yangi kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu asar o‘zbek adabiyotida deyarli yoritilmagan mavzu - uchuvchilar hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘ziga xos yondashuv va badiiy mahorat bilan yaratilgani bilan e’tiborni tortadi.
Kitobda “samo lochinlari” deb ataluvchi fidokor kasb egalari — uchuvchilarning mardlik va matonatga boy faoliyati, favqulodda holatlardagi kechinmalari, sevgi, burch va Vatanga sadoqati dramatik uslubda tasvirlanadi. Syujetlarning keskinligi va voqealarning kutilmagan burilishlarga boyligi orqali inson ruhiyatining nozik jihatlari, qahramonlarning ma’naviy jasorati va ichki kurashlari yorqin badiiy obrazlar orqali ochib beriladi.
Taqdimot o‘ziga xos, yangicha formatda tashkil etildi. Teatrlashtirilgan sahnalar, nasriy, she’riy va musiqiy chiqishlar hamda kinolavhalar tomoshabinlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Tadbirning bosh g‘oyasi sifatida buyuk adib Abdulla Qodiriyning:
“Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va yangarishg‘a o‘zimizda majburiyat his etamiz”,
degan so‘zlari tanlangan bo‘lib, bu marosimga chuqur ramziy ma’no bag‘ishladi.
Taqdimot O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Uzbekistan Airways” kompaniyasi hamda Badiiy akademiya hamkorligida tashkil etildi. Kitob “Adabiyot” nashriyoti tomonidan chop etilgan.