Bugun O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Mening mahallam” badiiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Film Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida “O‘zbekfilm” kinokonserni tomonidan suratga olingan bo‘lib, unda “mahalla yettiligi” — mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliqchi faoliyati, ular orqali mahalla hayotidagi dolzarb masalalar yoritib berilgan.
Filmda do‘stlik, mehr-oqibat, jasorat, fidoyilik, vatanparvarlik kabi yuksak insoniy qadriyatlar tasvirlangan.
Premyerada mamlakatimizning turli hududidan tashrif buyurgan mingdan ortiq tomoshabin, jumladan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, san’atkorlar, ijodkorlar, yoshlar, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.





