Bugun O‘zbekiston Milliy kino sanʼati saroyida O‘zbekiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, mashhur aktyor va rejissyor Razzoq Hamroyev tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi tashkil etildi.
Tadbirda Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, sanʼatkorning oila a'zolari, kinoijodkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston xalq artisti Naima Po‘latova va san'atkorning nabirasi Zulfiya Hamroyevalar aktyorning hayoti va ijodiy faoliyati, milliy kino san’ati taraqqiyotidagi o‘rni haqida iliq fikr-mulohazalar bildirishdi.
Shuningdek, Muqimiy nomidagi Oʻzbek davlat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan kichik sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi tomonidan esa sanʼatkor hayoti va ijodiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ham tashkil etildi. Tadbir davomida Razzoq Hamroyev ishtirokidagi filmlardan parchalar ham namoyish qilindi.





