Bugun O‘zbekiston Milliy kino sanʼati saroyida hamda respublikamizning barcha viloyat kinoteatrlarida bir vaqtning o‘zida XX asrning 20-yillarida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan va buning natijasida siyosiy qatag‘onga uchragan vatandoshimiz Maryam Sultonmurodovaning matonatli hayot yo‘li va ayanchli qismati haqidagi “Matonatli Maryam” nomli badiiy-publitsistik filmning ilk umummilliy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Namoyishda Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, kinoijodkorlar, yurtdoshlarimiz hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Shuhrat Rizayev ushbu filmning mazmuni va jamiyatdagi ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritdi.
Film taqdimoti Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar ishlari qoʻmitasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston mahallalar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.





