O‘zbekiston Milliy kino san'ati saroyida Hindistonning mashhur aktyori Abhishek Bachchan, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pant, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi rahbari Furqat Usmonov hamda delegatsiya a'zolari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlar dastlab yangi ekspozitsiyalar bilan boyitilgan O‘zbekiston kino san'ati muzeyini tomosha qilib, o‘zbek kinematografiyasining o‘tmishi va bugungi rivoji haqida batafsil ma’lumot oldilar. Muzeydagi boy tarixiy materiallar va eksponatlar mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Hindiston hamkorligida suratga olinayotgan kino loyihalarining keyingi bosqichini amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinib, tegishli kelishuvlarga erishildi.