Veb sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

Yangiliklar

Bosh Sahifa
/ Yangiliklar
latest-news-bglatest-news-bg
Obuna bo’lish
latest-news-image
78-Kann xalqaro kinofestivali doirasida “Tirik tarix” dasturida aks etgan “Herman Vamberi va mulla Is’hoq” badiiy-publitsistik filmining Vengriya tomonidan hamkor tashkiloti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Vengriya Milliy kino instituti (NFI) vakili, kinoproduser Yojef Berger bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Vengriya kinoijodkorlari hamkorligida koproduksiya ko‘rinishida suratga olinadigan “Herman Vamberi va mulla Is’hoq” badiiy-publitsistik filmining sinopsisi, ssenariy kontsepsiyasi hamda adabiy ssenariysi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.


O‘zbekiston va Vengriya  kinematografiya tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik bitimi — koproduksiya to‘g‘risidagi kelishuv shartnomasi loyihasi ustida ish boshlash bo‘yicha kelishib olindi.


15.05.2025 09:00

latest-news-image
O‘zbekiston delegatsiyasi 78-Kann kinofestivalida ishtirok etmoqda



Joriy yilning 13–24 may kunlari Fransiyaning Kann shahrida bo‘lib o‘tayotgan 78-Kann xalqaro kinofestivali (Festival de Cannes)da O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.


Bu dunyoning eng nufuzli va  eng qadimiy kino tadbirlaridan biri bo‘lib, u ilk bor 1946-yilda tashkil etilgan. Festival nafaqat badiiy filmlar taqdimoti, balki xalqaro kino sanoatidagi eng yirik bozorlardan biri bo‘lgan Marché du Film bilan ham mashhur.


O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu nufuzli kinofestivalda bu yil ham faol ishtirok etmoqda. Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov hamda Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi direktori o‘rinbosari Oybek Sodiqov kinofestival va Marché du Film doirasida bir qator uchrashuvlar va tadbirlarda qatnashmoqda. Ular xorijiy kino tashkilotlari, prodyuserlar va distributorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston kinosining xalqaro miqyosdagi imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida muzokaralar olib bormoqda.



15.05.2025 08:56

latest-news-image
“Maxtumquli Firog‘iy” badiiy filmi yana bir xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi



Turkiya Madaniyat va Turizm vazirligi, TURKSOY – Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti va Ege universiteti hamkorligida tashkil etilgan II-Turon Xalqaro kinofestivalida “Maxtumquli Firog‘iy” badiiy filmi birinchi o‘rin - “Eng yaxshi o‘zbek filmi” mukofoti bilan taqdirlandi.


Film O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-fevraldagi “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida, O‘zbekiston va Turkmaniston kinoijodkorlari hamkorligida suratga olingan.


Eslatib o‘tamiz, rejissyor Muzaffar Erkinov tomonidan suratga olingan ushbu film 2024-yil noyabr oyida Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan  “Qo‘rqut ota” IV Xalqaro kinofestivalida ham “Eng yaxshi film” nominatsiyasi bo‘yicha oliy sovringa sazovor bo‘lgan edi.




08.05.2025 11:02

latest-news-image
DIQQAT, E’LON!



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-209-sonli qarori, Kinematografiyani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Milliy komissiya hamda Filmlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasini oshirishga ko‘maklashuvchi Milliy kengashning qo‘shma majlisi 65/1-son bayonining “Tirik tarix” dasturiga kiritilgan filmlarni ishlab chiqarish bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomi va Milliy kengash qaroriga muvofiq “Tirik tarix” filmlar turkumi bo‘yicha kinoloyihalar tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlangan edi.


2025-yil 29-aprel kuni o‘tkazilgan pitchingda 24 ta studiya ishtirok etdi. Filmlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasini oshirishga ko‘maklashuvchi Milliy kengashning 2-sonli qaroriga ko‘ra, quyidagi 6 studiya g‘olib deb topildi:

1. “Taqdir ufqlari” badiiy filmi uchun — “ShB” MChJ studiyasi

2. “Temurbeklar maktabi” badiiy filmi uchun — “Koʻzgu Film” MChJ studiyasi

3. “Shiroq” badiiy-publitsistik filmi uchun — “RAMZ-FILM” studiyasi

4. “Fayzulla Xoʻjaev” badiiy-publitsistik filmi uchun — “Oʻzbekfilm” DUK

5. “Usmon Nosir” badiiy-publitsistik filmi uchun — “Hope Film” MChJ studiyasi

6. “Pomir togʻlariday yuksak” badiiy-publitsistik filmi uchun — “Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi” DUK


Shuningdek, quyidagi kinoloyihalar pitchingda yetarli ovoz to‘play olmaganligi sababli QAYTA PITCHING e’lon qilinadi:

1. “Erkin Vohidov” badiiy filmi

2. “Madaminbek” badiiy-publitsistik filmi

3. “Navoiyshunoslar jasorati” badiiy-publitsistik filmi



Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan joriy yilning 30-aprelidan 30-mayiga qadar “Tirik tarix” dasturidan o‘rin olgan 15 ta loyiha bo‘yicha kinostudiyalar va kinokompaniyalar o‘rtasida tanlov e’lon qilingan.

https://uzbkino.uz/uz/news/105?type=1


02.05.2025 17:20

latest-news-image
DIQQAT E’LON!



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-209-sonli qarori, shuningdek, Kinematografiyani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Milliy komissiya hamda Filmlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasini oshirishga ko‘maklashuvchi Milliy kengash qo‘shma majlisining 65/1-son bayoni bilan tasdiqlangan “Tirik tarix” dasturiga kiritilgan filmlarni ishlab chiqarish bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom va Milliy kengash qaroriga muvofiq, “Tirik tarix” filmlar turkumi bo‘yicha 2025 yil 15 yanvardan 15 fevralga qadar e’lon qilingan kinoloyihalar sinopsisi tanlovida quyidagi 15 ta (o‘n beshta) kinoloyihalar g‘olib deb topildi:


  1. “Guloyim va qirqqiz” – muallif Boburbek Hamroev
  2. “Farhod va Shirin” – muallif Rustam Jabborov
  3. “Al-Xorazmiy” – mualliflar Muqaddas Usmonova, Abduqayum Yo‘ldoshev
  4. “Mirzo Ulug‘bek” – muallif Farrux Jabborov
  5. “Maqsud Shayxzoda” – muallif Nurilla Narzullayev
  6. “Sehrli nay” – mualliflar Suhrob Qodirov, Feruza Qodirova
  7. “Imom Moturidiy” – muallif Abduhalil Mingnorov
  8. “Bibixonim” – muallif Dilshoda Qosimova
  9. “Klavixo” – muallif Shohida Eshonboboyeva
  10. “Xerman Vamberi va mulla Is’hoq” – muallif Furqat Usmonov
  11. “Feruz” – muallif Abu Tolib Adamqulov
  12. “Turkistonlik bahodirlar” – muallif Juneyid Buyukyaka
  13. “Abdurauf Fitrat” – muallif Istam Sodiqov
  14. “Ubaydulla Xo‘jayev” – muallif Shahzod To‘xtaboyev
  15. “O‘zbek ishi” – muallif Yusuf Roziqov



Joriy yilning 30 aprelidan 30 mayiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi “Tirik tarix” dasturidan o‘rin olgan mazkur 15 ta kinoloyihani ishlab chiqarish uchun kinostudiya va kinokompaniyalar o‘rtasida


TANLOV E’LON QILADI!


Qo‘shimcha ma’lumot uchun telefon: 71-277-81-16

Manzil: Toshkent shahri, Chilonzor ko‘chasi, 1A-uy



30.04.2025 15:45

latest-news-image
Moskvada “Brilliant kapalak” Yevroosiyo kinomukofoti taqdimoti bo‘lib o‘tdi



47-Moskva xalqaro kinofestivali (MXKF) doirasida ilk bor Yevroosiyo kinematografiya san’ati akademiyasi - “Brilliant kapalak” kinomukofotining taqdimoti o‘tkazildi.


Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Delegatsiyaga Kinematografiya agentligi direktor o‘rinbosari Alisher Xadjayev rahbarlik qilmoqda.

Uzbek delegation

Taqdimotda Rossiya va Belarus madaniyat vazirlari, “Mosfilm” rahbari Karen Shaxnazarov, “Gazprom-Media Holding” prezidenti Aleksandr Jarov, mashhur prodyuserlar, rejissyorlar, aktyorlar va xalqaro hakamlar hay’ati a’zolari qatnashdi. 


Tadbir avvalida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin video murojaat orqali ishtirokchilarni tabriklab, Yevroosiyo kinoakademiyasining tashkil etilishi bugungi murakkab davrda alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, kinoakademiya doirasida yosh kinoijodkorlar uchun ta’lim dasturlari va talabalar almashinuvi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

MXKF

Mukofot 12 ta nominatsiya bo‘yicha topshiriladi: eng yaxshi film, rejissyor, ssenariy muallifi, operator, bastakor, rassom, asosiy va ikkinchi darajali rollarda eng yaxshi aktyor va aktrisa, Yevroosiyo hududiga kirmaydigan davlatdan eng yaxshi film hamda jahon kinematografiyasiga qo‘shgan hissasi uchun maxsus sovrin.


Ma’lumot uchun, “Brilliant kapalak” haykalchasi mashhur rassom Yuriy Kuper tomonidan yaratilgan bo‘lib, har bir statuetkaga 5000 dona sun’iy brilliant o‘rnatilgan.


Mukofotning bosh sovrini — “Eng yaxshi film” uchun 1 million AQSh dollari miqdorida pul mukofoti ajratilgan. Qolgan nominatsiyalarda g‘oliblar 250 ming dollardan mukofot oladilar.


Mukofotni topshirish marosimi 2025-yil 5-dekabr kuni Moskvada o‘tkazilishi e’lon qilindi.



23.04.2025 13:21

latest-news-image
Gulistonda Yoshlar kinoteatri o‘z faoliyatini boshladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi PQ-93-sonli qarori — “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qaror asosida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da Guliston shahrida zamonaviy va ixcham kinoteatr tashkil etish, unda yoshlar uchun filmlar namoyish etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan edi.


21-aprel kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Yoshlar kinoteatrining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1

Marosimda Kinematografiya agentligining Ijro apparati rahbari Navruz Musayev hamda Sirdaryo viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Shoxrux Isakulov so‘zga chiqib, ushbu kinoteatr yoshlarning maʼnaviy va madaniy dunyoqarashini boyitishda muhim maskanga aylanishi kutilayotganini ta’kidladilar.

2

Tadbir davomida mehmonlar va yoshlar uchun “Uch qahramon” badiiy filmi namoyish etildi. Shuningdek, film namoyishidan avval kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuv ham tashkil etildi. Aktyor va aktrisalar filmning mazmun-mohiyati hamda yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.


Mazkur kinoteatr yoshlar uchun nafaqat madaniy hordiq, balki o‘z ijodiy salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.



23.04.2025 12:37

latest-news-image
Tokioda o‘zbek tilini o‘rganayotgan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi



Mahmudxo‘ja Behbudiyning 150 yilligi munosabati bilan Tokio shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro ilmiy anjuman doirasida Tokio Chet tillari universiteti (Tokyo University of Foreign Studies) talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.


Uchrashuvda ishtirokchilar o‘zbek jadidchiligi, Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi, zamonaviy O‘zbekiston kinematografiyasi va ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalar haqida fikr almashdilar.


Uchrashuv yakunida “Mahmudxo‘ja Behbudiy” badiiy-publitsistik filmi namoyish etildi. Film tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va talabalar hamda mutaxassislar o‘rtasida mazmunli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.



19.04.2025 17:21

latest-news-image
O‘zbekiston va Rossiya kinoarxivchilari o‘rtasida hamkorlik



O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi huzuridagi Kinematografiya Agentligi ko'magi bilan 2025-yil 15-18-aprel  kunlarida "O'zbekiston milliy kinofondi" DM direktori Sherzod Norov va mas’ul hodim Husan Yusopovlar Moskva viloyatida joylashgan GosFilmoFondda tajriba almashish maqsadida ijodiy safar uyushtirdi.


Ijodiy safar davomida GosFilmoFondda kinolentalarning qanday sharoitda saqlanishi, ularning restavratsiya qilish jarayonlari hamda filmlarni saqlash bo’yicha kerakli barcha ko’nikmalar xususida tajriba almashilindi va muhim jihatlar o’zlashtirildi. 


🇺🇿🇷🇺 “O’zbekiston milliy kinofondi” DM ushbu hamkorlikni davomli bo’lishini kutib qoladi.


19.04.2025 17:15